Futbol tarixidagi eng qimmat transferlar
Transfer oynasining ochilishi – katta voqea. O’sha kundan boshlab mutasaddilar jamoani kuchaytirish uchun intensive rejimda ishlay boshlashadi. Odatda, yanvar oyida jarangdor transferlar amalga oshirilmaydi. Shunday bo’lsa-da, transfer oynasidagi eng qimmat futbolchilar haqida suhbatlashamiz.
Antuan Grizmann
Qayerdan qayerga: “Atletiko” – “Barselona”
Transfer narxi: 120 mln yevro
Grizmann “Atletiko”ning yulduzi edi. Ammo “Barsa”ning qiziqish bildirishi futbolchiga tinchlik bermadi. Natijada, kataloniyaliklar 2019-yilda 120 mln yevro evaziga futbolchini xarid qildi. Afsuski, futbolchi undan kutilgan natijani bermayapti. Antuan jamoada o’z o’rnini topa olmayapti. Grizmann Vataniga, “PSJ” safiga qaytmoqchi ekanligi haqida mish-mishlar tarqaldi. Ammo bu mish-mishligicha qoldi. Fransuz futbolchisi jamoada o’zini ko’rsatishga urinyapti.
Joau Felish
Qayerdan qayerga: “Benfika” – “Atletiko”
Transfer narxi: 127 mln yevro
Grizmanndan tushgan pulga yana 7 mln qo’shib, “Atletiko” “Benfika”ning yosh futbolchisi Joau Felishni xarid qildi. 19 yoshli futbolchi uchun 127 mln juda katta summa bo’lib ko’rinar. Uni ustiga Felish o’tgan mavsum La Ligada bor-yo’g’i 6 ta gol kiritdi. Ushbu mavsumda esa ishlar anchagina yaxshi. Futbolchi jamoasiga yordam beryapti. Noyabrda La Ligada oy futbolchisiga aylandi. Joauning “Atletiko” bilan shartnomasi 2026-yilgacha mo’ljallangan. Demak, futbolchi “Atletiko” bilan sovrinlar yutish imkoniga ega.
Usmon Dembele
Qayerdan qayerga: “Borussiya” D – “Barselona”
Transfer narxi: 130 mln yevro
2016-yilda Dembele “Renn”dan “Borussiya” safiga borib qo’shilgan edi. O’shanda uning narxi 15 mln yevro edi. Bir yildan so’ng “asalari”lar futbolchini “Barselona“ga 120 mln yevro evaziga sotib yubordi. Fransuz futbolchisi ortidan nemis klubi yaxshigina daromad qildi. Ammo futbolchi kataloniyaliklar safida jarohatdan boshi chiqmayapti. Lekin maydonda vaqtida u ajoyib o’yin ko’rsatadi. Kataloniyaliklar futbolchini sotish yo sotmaslik borasida bir qarorga kelgani yo’q.
Filippe Koutinyo
Qayerdan qayerga: “Liverpul” – “Barselona”
Transfer narxi: 145 mln yevro
Koutinyo hozircha “Barselona”ning eng qimmat transferi bo’lib turibdi. 2018-yilda kataloniyaliklar futbolchini 145 mln yevroga xarid qilishdi. Ammo bu transfer omadli bo’ldi deya olmaymiz. Ernesto Valverde futbolchiga imkoniyat bermadi, shuning uchun u “Bavariya”ga ijaraga ketdi. Kuman esa vaqti-vaqti bilan futbolchiga imkoniyat berib turibdi.
Kilian Mbappe
Qayerdan qayerga: “Monako” – “PSJ”
Transfer narxi: 145 mln yevro
2018-yil iyul oyida “PSJ” Mbappe uchun 145 mln yevro sarfladi. Ammo bu sarflangan pullar uchun afsuslanmadi. Mbappe parijliklar safiga juda tez moslashib ketdi. Birinchi mavsumida LIga 1 da 13 ta gol urgan futbolchi ikkinchi mavsumida 33 ta gol urdi. Kilian “PSJ”ning asosiy futbolchilaridan biri. U jamoa bilan shartnomasini uzaytiradimi-yo’qmi bu hali dargumon. Futbolchining o’zi “Real”ga o’tish orzusida. Ko’ramiz, voqealar qanday tus olar ekan.
Neymar
Qayerdan qayerga: “Barselona” – “PSJ”
Transfer narxi: 222 mln yevro
2017-yil avgust oyida “PSJ” Neymarni sotib olib, transfer oynasi rekordlarini yangilab yubordi. Hozirda ushbu transfer tarixdagi eng qimmati. Katta ehtimol bilan bu rekordni ancha yillar hech kim yangilay olmaydi. Futbolchining “Barselona”ga qaytishi haqidagi mish-mishlar davom etmoqda. Hammasini kelayotgan yozda bilib olamiz.
Fikrlar:



