Sezilarli o’sish: 2020-yilda qimmatlashgan futbolchilar
2020-yilda futbol olamida ham ko’p narsalar o’zgardi. Yevropa nashrlari oxirgi 12 oyning eng yaxshilarini e’lon qildi. Ular hattoki, asrning eng yaxshi futbolchisini ham aniqlashga ulgurdi. Eng ko’p muhokamalarga sabab bo’lgan mavzu esa Eden Azarning transfer narxi tushgani bo’ldi. Belgiyalik futbolchining narxi ketma-ket ikkinchi yil pasaymoqda. Bugun esa siz bilan pozitiv statistikaga e’tibor qaratamiz. Oxirgi 12 oy muvaffaqiyatli bo’lgan futbolchilarga. 2020-yilda narxi keskin oshgan futbolchilar haqida suhbatlashamiz.
Bukayo Saka
Jamoa: “Arsenal”
Transfer narxi: 40 mln yevro (+27 mln)
“Arsenal” doimo o’z tarbiyalanuvchilaridan nolimaydi. Ba’zan ularda ham yaxshi futbolchilar bo’ladi. Jumladan, Saka. 2019-yil iyul oyida “Arsenal”da debyutini o’tkazgan futbolchi juda tez sur’atlarda o’sa boshladi. Hozirda 21 yoshda bo’lgan Saka Arteta jamoasining asosiy futbolchilaridan biri. Yosh angliyalik futbolchi Kolashinachni asosiy tarkibdan siqib chiqardi. Bosniyalik futbolchining sobiq jamoasi “Shalke”ga qaytishdan boshqa iloji qolmadi.
Bruno Fernandesh
Jamoa: “Manchester Yunayted”
Transfer narxi: 90 mln yevro (+30 mln)
2020-yil yanvar oyida “MYU” “Sporting”dan Bruno Fernandeshni 55 mln yevroga xarid qilgandi. To’langan katta narxga qaramasdan, hech kim portugaliyalik futbolchini mankunianliklarning yangi yetakchisi bo’lishiga ishonmagan edi. U esa yetakchiga aylandi. Bruno uchun adaptatsiya tushunchasi umuman yo’q. O’zining 2-o’yinidayoq futbolchi golli vaziyatlar bilan jamoasi g’alabasiga yordam berishni boshladi. Uning sa’y-harakatlari evaziga “MYU” kuchli to’rtlikka kirdi va Chempionlar Ligasi yo’llanmasini qo’lga kiritdi. Ushbu mavsumda ham Bruno yaxshi harakat qilyapti.
Ansu Fati
Jamoa: “Barselona”
Transfer narxi: 80 mln yevro (+40 mln)
“Barselona” oxirgi yillarda juda ko’p tarbiyalanuvchilarini sotib yubordi. Agarda Ernesto Valverde asosiy tarkibda sinab ko’rmaganda, Ansu Fati ham o’sha ro’yxatdan joy olishi mumkin edi. Jamoa hujumidagi yetakchilarning jarohatlari evaziga murabbiyda akademiyadan futbolchi jalb etishdan boshqa iloj qolmagandi. Murabbiy adashmagan edi. 17 yoshli futbolchi avval “Osasuna”ga, keyin esa “Valensiya”ga gol urdi. Shundan so’ng Fati doimiy o’yin amaliyotiga ega bo’la boshladi. Hozirda futbolchi hisobida “ko’k-anorranglilar” safida 43 ta o’yin, 13 ta gol va 5 ta golli uzatma mavjud. Afsuski, jarohat unga maydonda o’zini ko’rsatishga xalaqit qilyapti. Lekin hammasi hali oldinda.
Fil Foden
Jamoa: “Manchester Siti”
Transfer narxi: 60 mln yevro (+30 mln)
“Manchester Siti” APLda tarbiyalanuvchilari asosiy jamoada to’p surishi bo’yicha oxirgidan uchinchi o’rinda turadi. “Shaharlik” safida bunday futbolchilar 2 nafar – Fil Foden va Erik Garsiya. Garsiya klub taklif qilgan oxirgi shartnomani rad etdi, katta ehtimol bilan yozda “Barselona”ga ketadi. Lein Foden manchesterliklarning umidi bo’lib qolyapti. Gvardiola 20 yoshli futbolchiga ishonyapti. U ham javoban natijali harakatlar qilyapti.
Erling Xoland
Jamoa: “Borussiya” D
Transfer narxi: 100 mln yevro (+55 mln)
2020-yil yanvar oyida Xoland “Zalsburg”dan “Borussiya”ga kelib qo’shildi. Transfer narxi 20 mln bo’lgan futbolchi yangi jamoasida gol mashinasiga aylandi. 20 yoshli futbolchi 33 o’yinda o’z hisobiga 33 ta gol yozdirib qo’ydi. “Borussiya” futbolchi bilan xayrlashishni xohlamayotgan bo’lsa ham, “Real” uni sotib olishga urinishi bekorga emas. Golden Boy-2020 futbolchining dastlabki sovrini. Bu boshlanishi deb umid qilamiz.
Fikrlar:

Залцбург кунармикан бунга?